Norma.uz |
Kecha Facebook ijtimoiy tarmog’ida Norma.uzda e’lon
qilingan FHDYo hujjatlari haqidagi xabar ancha-muncha mulohazaga sababchi bo’lgandi.
Bu haqida blogimda maqola ham yozgandim. Holatni to’liq
tushunib olish uchun avvalo o’sha maqolaga bir ko’z yugurtirib chiqishni
maslahat berardim.
O’sha maqolada fuqarolik holati dalolatnomalaridagi yozuvlar faqat o’zbek tilida to’ldirilishi belgilangan
bo’lsa ham, unga qo’shimcha sifatida nega ruscha savollar qo’shilganligining
sababi so’roq ostida qolgan edi. Bu savolga bugun javob topishga va’da
bergandim.
Bugun Adliya Vazirligidan ushbu
haqida ma’lumot oldim. Ma’lum bo’lishicha, dalolatnomalar haqiqatdan faqat
davlat tilida to’ldiriladi. Dalolatnoma shakllaridagi ruscha savol qo’shilishining
sababi esa, O’zbekiston MDH davlatlari orasida o’zaro huquqiy yordam ko’rsatish
bo’yicha Minsk konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va ushbu konvensiyaga ko’ra
yurtimizga MDH davlatlaridan FHDYo hujjatlari bilan bog’liq ko’plab talabnomalar
kelib tushadi. O’sha talabnomalarni yuborgan davlatlarga javoban aynan biz
suhbat yuritayotgan fuqarolik holati dalolatnomalaridan nusxa yuboriladi.
Yuborilgan dalolatnomalardagi savollar MDH davlatlarida tushunarli bo’lishi,
keyinchalik boshqa tushunmovchiliklarni, tarjima vaqtida yo’l qo’yiladigan
xatolarni oldini olish maqsadida savollar ostiga kichkina shriftda rus tilidagi
versiyasi ham qo’shilgan.
Masalan, Tug’ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi jo’natilganda
unga «Запись акта о рождении» deya izoh ham yozilgan. Misol uchun undagi «Onaning
nechanchi bolasi» savoli ostiga «Который по счету ребенок матери» deyilgan. Ko’rib turganingizdek, dalolatnomadagi deyarli
har qanday javobni keyinchalik tarjima qilishga ehtiyoj qolmaydi. Bu esa ham
qulaylik tug’diradi, ham tarjima vaqtidagi xatolar tufayli yuzaga keladigan
tushunmovchiliklarni oldini oladi.
Bor-yo’g’i shu xolos. Ruscha to’ldirish mumkin degan
qoida gap-so’z yo’q hech qanaqa!
Ammo Norma.uz sayti ma’lumotlarni oxirigacha tekshirib
ko’rmasdan o’z o’quvchilariga noto’g’ri ma’lumot tarqatgan. Ushbu xabar asosida
keyinchalik Podrobno.uz, Olam.uz va Rossiyadagi Lenta.ru axborot agentligi ham
asossiz ma’lumotni e’lon qilib yubordi.
Aslida bu ma’lumotni tekshirish ham shart emasdi.
Shundoqqina buyurqdagi qoidalarni qunt bilan, shoshmasdan o’qib chiqishni o’zi
kifoya edi. Sababi kecha aytganimdek, qoidalarda dalolatnomalar davlat tilida
to’ldiriladi deya aniq-tiniq ko’rsatib qo’yilgan – ko’rga hassaday qilib! Afsus,
shunchaki rasmga qarab, matnni o’qimasdan yozilgan xabar minglab insonlarni
chalg’itdi.
Norma.uz saytidan bu borada rasmiy izoh kutib qolamiz.
P/S: Balki men yanglishgandirman… Chunki men Norma.uz
xodimi kabi EKSPERT-YURIST darajasida emasman xozircha.
Комментариев нет:
Отправить комментарий