Xozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi qonunga
o’zgartirish kiritish loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga ko’ra qonun loyihasida
quyidagi asosiy qoidalar takomillashtirilishi nazarda tutilmoqda:
1. Shunday yangi norma kiritilmoqdaki, unga
ko‘ra «Ovoz berish kuniga qadar uch kun ichida, shuningdek, ovoz berish
kuni jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari
taxminlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop
etishga (e’lon qilishga), shuningdek, ularni umumiy foydalanishdagi
axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan, Internetga)
joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi».
Bunday normaning kiritilishi saylovchilarning huquqlarini yanada yaxshiroq
himoya qilishga, u yoki bu nomzodga nisbatan noxolis, yanglish munosabatni
hamda saylovga oid qonun hujjatlarining buzilishi ehtimolini istisno etishga
imkon beradi.
2. Hali sud hukmi chiqarilmagan, tergov jarayonlari davom etayotgan,
vaktinchalik qamoqda saqlash joylarida yoki jinoyatchilikda gumondor, deb
topilgan fuqarolarni saqlab turish joylarida ham saylov uchastkalarini tashkil
etish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Ushbu normaning joriy etilishi
qamoqda saqlash joylarida bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqlarini amalga
oshirishni yanada ko‘proq ta’minlash imkonini beradi.
3. Saylov kuni va saylov boshlanishidan bir kun oldin saylovoldi tashviqotiga
yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Taklif etilayotgan norma saylovchilarga o‘z
nuqtai nazarlarini aniqlashtirib olish, qaysi siyosiy yo‘lni ma’qul deb topib,
kim uchun va qaysi siyosiy partiya uchun ovoz berish to‘g‘risidagi masala
yuzasidan ongli qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha vaqt berish maqsadida
kiritilmoqda.
4. Muddatidan oldin ovoz berishning muddatlari, tartibi va
tartib-taomillari belgilab qo‘yilmoqda.
Amaldagi normaga binoan saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega
bo‘lmagan saylovchi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini talab
qilib olish va qaror qabul qilib, ushbu qarorini yopiq konvertda qoldirish
huquqiga ega. Biroq ushbu normada muddatidan oldin ovoz berishning muddatlari,
shuningdek, butun tartib-taomili nazarda tutilmagan edi. Shu munosabat bilan
qonun loyihasida quyidagi qoidalarni belgilash taklif etilmoqda:
— muddatidan oldin ovoz berish saylovdan 10 kun avval boshlanadi va saylovga
bir kun qolganida tugatiladi;
— muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi
tomonidan belgilanadi va saylovchilar, kuzatuvchilar, OAV vakillarining e’tiboriga
yetkaziladi;
— muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylovchining arizasi talab
etiladi (unda saylovchining saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari
ko‘rsatilgan bo‘ladi);
— saylov varaqasi uchastka saylov komissiyasi a’zolarining kamida 2 nafari
ishtirokida beriladi;
— saylov varaqasi konvertga solinib, muhr bilan hamda komissiya a’zolaridan 2
nafarining va saylovchining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Taklif etilayotgan ushbu normada muddatidan oldin ovoz berish tartibi batafsil
belgilangan va u mazkur tartib-taomilning ochiq-oydinligini ta’minlash imkonini
beradi.
5. "Saylovoldi tashviqoti" tushunchasining mohiyati ochib berilib,
saylov jarayonida uning bir xilda tushunilishi ta’minlanmoqda.
6. O’zbekiston Ekologik harakatining O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov bo‘yicha O’zbekiston Ekologik
harakatining konferentsiyasida ham kuzatuvchilarning ishtirok etishi huquqi
berilmokda. Bunday huquqiy mexanizm O’zbekiston Ekologik harakatidan deputatlar
saylovining oshkoraligi va ochiq-oydinligini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
7. Saylovoldi tashviqotining samaradorligini oshirish maqsadida saylovoldi
tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari aniq belgilanmoqda.
Saylovoldi tashviqotining quyidagi turlarini: siyosiy partiyaning o‘z
deputatlikka nomzodlari uchun ovoz berishga da’vat etuvchi dasturi va (yoki)
saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni tarqatish hamda deputatlikka
nomzod to‘g‘risidagi axborotni uning uchun ovoz berishga da’vat qilgan holda
tarqatishni belgilab qo‘yish taklif etilmoqda.
Saylovoldi tashviqotining shakllari sifatida quyidagilarni belgilash taklif
etiladi: omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferentsiyalari,
intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, deputatlikka
nomzod, OAVda siyosiy partiya to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish.
Saylovoldi tashviqotining usullari etib quyidagilarni belgilash taklif
etilmoqda: ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniyadan
foydalanish, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini
chiqarish va tarqatish; saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish.
"Inson va qonun" gazetasi materiallari asosida tayyorlandi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий