10 окт. 2012 г.

Telefon xotirasidagi bitiklar

P/S: Eng avvalo aytmoqchi edimki, quyida yozganlarim bilan biron narsaga da’vogarlik qilmoqchi, kimlargadir (asosan O’tkir Hoshimovga) taqlid etmoqchi emasman. Bular shunchaki hayotiy kuzatishlarimning pala-partish qog’ozga, iye, yo’g’ey, telefondagi qaydnomaga (zametka) tushirilgan variant xolos.
Yana bir narsa alohida ta’kidlaymanki, yozgan fikrlarim mening qandaydir ijobiy xislatlarim borligini ko’rsatmaydi, ya’ni yozganlarimni hammasiga o’zim ham rioya qilaman degani emas. Harakat qilaman xolos…

***
 Девяноста

Bir kun ertalab metroga tushayotgandim. Bir ayol ikkita farzandi bilan tushayotgan ekan. Bitta farzandini yoshi kichikroq, ikkinchisiniki esa kattaligi ko’rinib turibdi, xar holda 7 yoshdan kattaligi aniq. Ammo ayol faqat o’zi uchun jeton olib, farzandlarini maxsus imtiyozga ega insonlar o’tadigan joydan o’tkaza boshladi. Metro xodimasi katta yoshli boladan “xitlandi” va bolani to’xtatib, “Сколько тебе лет?” deb ruschada so’radi. Bola ruschani bilmaskan, onasi “yordam”ga keldi:
— Voy, hali 7 yoshga ham to’lgani yo’q-ku.
Какого года рождения, - deb qayta so’radi metro xodimasi.
Shunda ayol beixtiyor:
Девяноста…, - deb boshladi-yu, birdan to’xtab qoldi. O’zi ham kulib yubordi… :)

***

Soxtalik

Ba’zan soxta kulaman – ko’nglimga yoqmagan insonlar uchun.
Ba’zan soxta jahl qilaman – ko’nglimga yaqin insonlar uchun…

***

Baxtiyor oila


Bu rasmni tasodifan oldim. Mustaqillik maydoni yaqinidagi Yoshlar ijodiyoti saroyi oldida.
Ota va uning ikki qizi rolikda ketishmoqda. Katta qizi rolikdaligi yetmagandek, kichkina ukasining bolalar aravachasini ham surib ketyapdi. Qanday baxtli oila! Odamni xavasi keladi. Bunaqa suratlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda asosan bir xildagi izoh qoldiriladi:
«Больше, чем просто фото»

***

Cheksizlik

Odnoklassniki saytida menga xat yozdi:
— Salom.
— Assalomu alaykum.
— Qalaysiz?
— Rahmat, Xudoga shukur.
Bo’ldi, tugadi. 3 kundan keyin:
— Salom.
— Assalomu alaykum.
— Qalaysiz?
— Rahmat, Xudoga shukur.
Bo’ldi, tugadi. Har 3-4 kunda shu ahvol. U ham boshqa narsa so’ramadi, men ham yangi gap ayta qolmadim:

***

Ishonchsiz reklama

Ba’zi mahsulot reklamalariga tushunmayman: “Kafolat - 10 (20, 30, 40, 100) yil!” deyishadi. Vaholanki, hali o’sha kompaniya paydo bo’lganiga ham 10 yil bo’lgani yo’q aslida. Hali yer yuzida bironta inson o’sha mahsulot 10 yilga bardosh beradimi, yo’qmi tekshirib ko’rolgani ham yo’q.
Juda ishonchsiz reklama…

***

Qizlarni ibosi - ko’zida, hayosi - so’zida. Ibo va hayoni bir-biridan farqi yo’q deyarli. Demak, qizlar ko’zini ham, so’zini ham bir xilda tutishi kerak: pinhon!

***

Vijdon

Jamoat transportlarining o’rindiqlariga o’tirib olgan ko’pchilik yoshlar nega ko’zlarini yumib olishar ekan-a, deb o’ylab ko’rdim. Menimcha, shundoq tepasida tik turgan katta yoshli insonlarni ko’rishga ularning VIJDONlari yo’l qo’ymasa kerak!

***

Oddiy muxlis

— Sen  …san!, – dedi “Barselona” muxlisi Real muxlisiga.
— O’zing …san!, – dedi “Real” muxlisi “Barsa” muxlisiga.
— Tovba, ikkalang ham … ekansan, – dedi oddiy muxlis.
Futbol uchun, tag’in begona, uzoq bir yurtdagi jamoalar uchun o’zgalarni haqorat qilishni to’xtatsak yaxshi bo’lardi. Buni iloji bormikin-a..?!
Hala Madrid!!! :)

***

Ish boshi salom

Bir kuni taksiga chiqdim. Keksa bir otaxon ekanlar. Yo’l-yo’lakay suhbatlashib keldik. Yarim yo’lda bir bola qo’l ko’tardi. Otaxon to’xtadi.
— Sergeli yarmarkaga. Assalomu alaykum.
Otaxon Sergeli so’zini eshitishi bilanoq “Yo’q, bolam, biz boshqa joyga” deb mashinani yurg’izishni boshlagandi, shu sababli bolaning “Assalomu alaykum” deganiga javob qaytarolmay qoldilar, aniqrog’i kechroq javob qaytardilar, ungacha biz biroz oldinga yurib ketgandik, otaxonning alik olgani bolaga eshitilmagani aniq.
Dastlab jim ketdilar. Lekin biroz fursat o’tgandan so’ng “Eh, birinchi salom berib, keyin joyni aytmaysanmi, salominga alik ololmay qoldim” dedilar. Yuzlaridan qattiq afsusda ekanliklari ko’rinib turgandi. Orqani ko’rsatuvchi oynaga bir necha bor qarab qo’ydilar. Bizdan so’ng, bola keyingi mashinaga o’tirgandi, yo’qsa, otaxon orqaga qaytib, alik olib kelganida ham hayron qolmasdim.
— Bolam, hech qachon unutma, salom bu juda yaxshi so’z! Har bir ishni salomdan boshlash kerak. Senga maslahatim, salom-aligingni hech qachon kanda qilmagin. O’zing uchun foyda”, - dedilar.
Assalomu alaykum!

***

Sivilizatsiya

Ilgari insonlarga jamiyatdagi statusiga qarab baho berishardi, xozir ijtimoiy tarmoqlardagi (odnoklasniki, facebook) statusiga…

***

Tasodif

Yana metroda. Vagonning orqaroq tomonida o’tirib, ishga ketyapman. Vagonda asosan yoshlar. Navbatdagi bekatlardan birida vagonning boshrog’idan o’rta yoshlardagi bir ayol chiqdi. Shu payt birvarakayiga 6 nafar yosh yigit va qizlar o’rnidan sapchib turib, ayolga joy berishdi. Ular bir vaqtda o’rinlaridan shunaqangi bir xil turishdiki, chetdan kuzatib turib, beixtiyor “Ajabo” deb yubordim. Bu tarbiyali yoshlarning tasodifiy katta “uchrashuvi” edi. Xozirgi yoshlar haqida tanqidiy fikrlarni aytguvchilarga qarshi yaxshigina javob edi. 1-2 yoki ana boring 3-4 ta yoshlarning ahloqiga qarab, umumiy baho bermaslik kerak, menimcha.
Mana shu o’y-fikrlar haqida hayol surib qolibman, qarasam shundoq tepamda bir onaxon tik turib ketayotgan ekan…

6 комментариев:

  1. Assalomu Alaykum. Xushnudbek yaxshimisiz? Qaydlaringiz ajoyib. Ko'proq yozib turing. Kirib o'qib turishga manba qolmayapti :)

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Assalomu alaykum. Rahmat, e'tibor uchun. 2-qismi ham tayyor bo'lib qoldi, faqat aqlli gap to'qish qiyinlik qilyapti :)))

      Удалить
  2. Assalomu Alaykum adash meni saytimga ham kirib turing manutduz.ru MANUTD FANATI BUMASAYIZ HAM BALKI ADASHGANDURMAN

    ОтветитьУдалить
  3. ajoyib ayniqsa "devyanosta..." deb aytilgani zo`r chiqibdi axir "devyanosta" ham tarixiy bo`p qoldida.

    ОтветитьУдалить
  4. Assalomu alaykum. siz to'qimang, borini yozing! :) O'tkir Hoshimovga umuman aloqangiz yo'qmi?!

    ОтветитьУдалить