13 окт. 2012 г.

Osiyo Chempionlari bilan ilk uchrashuv


Kecha, 12-oktabr kuni, poytaxtimizdagi muhtasham “Yoshlar ijodiyoti saroyi”da “O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg’armasining yoshlarga qaratilgan grantlari g’oliblarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Tadbirda “Iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar dasturi” va “Ta’lim grantlari” dasturi g’olibi bo’lgan 237 nafar talabaga diplomlarni loyiha muallifi Gulnora Karimova topshirdi.

Shuningdek, kecha xabar berib o’tganimdek, ushbu tadbirda yaqindagina Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga olam-olam quvonch ulashgan hamda vatanimizga chempion bo’lib qaytib kelgan o’smirlar terma jamoamiz a’zolari ham Fond Forumning qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Aytish joizki, mazkur tadbir chempionlarimiz bilan bo’lgan ilk rasmiy uchrashuv va taqdirlash marosimidir. Aslida, bu ukalarimiz bundanda katta mukofotlarga loyiq va umid qilaman, yo’q, ishonamanki, ular bunday mukofotlar bilan hali taqdirlanishadi ham.

Taqdirlash marosimi onlayn tarzda mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlariga uzatildi. 11 ta viloyat (Toshkent viloyatidan tashqari) va Qoraqalpog’iston Respublikasidagi “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi faollari mazkur tadbirning barcha quvonchli onlaridan bahramand bo’lib turishdi hamda g’oliblarimizni onlayn tarzda qo’llab-quvvatlashdi.

Taqdirlash marosimiga jahon tan olgan hakamimiz Ravshan Ermatov ham tashrif buyurdi. Osiyoning 4 karra eng yaxshi hakami Fond Forum grantlari g’oliblariga diplom, o’smirlar terma jamoasi a’zolariga esa esdalik sovg’alarini Gulnora Karimova bilan birgalikda topshirdi.

Sovg’alar topshirib bo’lingach, Gulnora opa yana bir bor o’smirlarimizni tabriklab, o’z fikrlarini bildirib o’tdi:
-  Rostini aytsam, men O’zbekiston terma jamoasi chempion bo’lganini eshitganimda va ushbu taqdirlash marosimi oldidan ularni katta, baquvvat, haybatli yigitlar bo’la kerak deb o’ylagandim. Xozir ko’rib turibmanki, ular hali juda yosh, ko’zlarida bolalik quvonchi anqib turibdi. Ularni ko’rib men ham zavqlanib ketdim. Twitterda yozganimdek, sizlarga kelgusi yili bo’ladigan Jahon Chempionatida ham muxlislik qilamiz va g’alabalar yor bo’lishini tilab qolamiz.
G'oliblar quvonchi | Photo: F. Isamukhammedov

Har doimgidek, tadbirning badiiy qismida “Kelajak ovozi” YTMning iqtidorli yoshlari, shuningdek o’zbek estradasi vakillari – Jahongir Poziljonov hamda Bahtiyor Rahmanovlar yig’ilganlarni o’z chiqishlari bilan xushnud etishdi.

Rasmiy qism tugadi.


Buyog’i o’zimizni jaydaricha gaplar:

Xullas, anavi san’atkorlar chiqishi haqida.

Shaxsiy izoh:

 “Kelajak ovozi” faollaridan tashkil topgan musiqiy jamoa va yosh xonandalar hamda Bahtiyor Rahmanov o’z qo’shiqlarini jonli ijro etishdi. Jahongir Poziljonov esa… Oma lekinchi, Jahongir Poziljonov fonogrammani faqat bitta joyini yaxshi o’xshatayabdi xolos – qo’shiq aytmasdan, jim turadigan joyini. Unda ham bilmasdan gapirib qo’yayapti gohi-gohida :)


Tadbirdan so’ng, Ravshan aka bilan ko’rishib, ikki og’iz suhbatini oldim. To’g’risini aytsam, Ravshan aka meni eslay olmasa kerak, o’zimni tanishtiraman deb o’ylagandim, ammo adashgan ekanman. Akani xotirasiga qoyil qoldim!

Ravshan aka o’smirlar terma jamoasi vakillari bilan ham suhbatlashdi. Ularni tabrikladi, ularga o’z maslahatlarini berdi. Xususan, quyidagi fikrlarni ta’kidlab o’tdilar:

-  Qoyil, tabriklayman. Yaponiyani yutish osonmasdi lekin, kuchli jamoa edi. Bu uzoq yo’lning birinchi qadami xolos. Endi bundan buyog’iga xotirjamlikka berilmasdan, yulduzlik kasaliga chalinmasdan, yerda yurish kerak, a? (muallif izohi: shu joyida bratan kulib qo’ydilar). Xudo xohlasa, o’shanda hammasi yaxshi bo’ladi.

Shuningdek, o’smirlar terma jamoasi a’zosi, Osiyo chempionatining eng birinchi va Final o’yinida maydonga tushgan Abdug’aniyev Ilhomjon bilan ham suhbatlashdim.

-  Eng avvalo bizga shunaqa sharoit yaratib bergan Prezidentimizga, hukumatimizga, federatsiyamizga, shuningdek, bizni qo’llab-quvvatlab turgan muxlislarga, yurtdoshlarimizga kattakon rahmat aytaman. Bizga ko’p imkoniyat va sharoitlar yaratib berishdi, ko’plab sborlar (muallif izohi: o’quv yig’in mashg’ulotlari) tashkillashtirildi, biz shulardan unumli foydalana olganimizdan xursandman. 2 yil oldin katta akalarimiz Jahon chempionatlarida yaxshi yutuqlarga erishib, bizga o’rnak bo’lishgandi, biz ularga qarab harakat qilgandik. Chempion bo’lganimizdan keyin, O’zbekiston ham Yaponiya, Koreya, Eron davlatlaridan kuchsiz emasligini isbotlab berdik. Jahon chempionatida ham, Xudo xohlasa, chempion bo’lishga harakat qilamiz.


Shaxsiy izoh:

 Umrimda birinchi marta diktofonni yoqib, kimnidir gapini yozib olishim. Bunaqa intervyu olishlar mengamaskan, rosti :)


Yana bir o’zimni shaxsan quvontirgan narsa (chunki bu holat boshqalarni quvontirmasa kerak), o’smirlar terma jamoamiz a’zolari “Zakovat” Intellektual ko’rsatuvini ham ko’rib borisharkan-ey! Mullado’st!!!

Ol’ga o’smirlar!!! Olg’a Zakovat! :)

Комментариев нет:

Отправить комментарий