2012-yil 18-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining “O’rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va
lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror fuqarolarning o‘rindoshlik asosida hamda
bir necha kasbda (lavozimda) ishlashini yanada tartibga solish, shuningdek aholi
daromadlarini ko‘paytirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida chiqarilgan.
Ushbu qarordagi eng e’tiborga molik jihatlari haqida
siz bilan o’rtoqlashmoqchiman:
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shu jumladan
o‘rindoshlik asosida bir vaqtning o‘zida ikkita rahbarlik lavozimini egallashga
yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Manfaatdor davlat boshqaruvi organlari
byudjet tashkilotlarining bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganligi, xizmat ko‘rsatish
doirasi kengayganligi yoki bajariladigan ishlar hajmi ortganligi uchun qo‘shimcha
haq belgilanishi mumkin bo‘lgan xodimlari kasblari (lavozimlari) ro‘yxatini ikki
oy muddatda ishlab chiqishi hamda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlashi
belgilab qo’yildi.
Shuningdek, qaror asosida
qabul qilingan “O’rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash
tartibi to‘g‘risida” NIZOMda quyidagi asosiy tushunchalardan
foydalanilgan:
asosiy ish joyi - O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining
81-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat
daftarchasi yuritiladigan tashkilot;
o‘rindoshlik asosida ishlash – xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan
tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan
ishni bajarishi.
Quyidagilarning o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi:
- o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;
- agar shaxsning asosiy ishi mehnatning
noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda
ishlash;
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
Devoni va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari,
ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari
va ularning o‘rinbosarlari;
- bir-biriga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining
nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari - sog‘liqni
saqlashni boshqarish organlarida band bo‘lgan vrachlar va ta’limni boshqarish organlarida
band bo‘lgan o‘qituvchilar bundan mustasno;
- qonun hujjatlariga muvofiq o‘rindoshlik
asosida ishlashi taqiqlangan boshqa shaxslar (xodimlar).
Xodimning asosiy ish joyi hisoblangan tashkilotda o‘rindoshlik
asosida ishlashga vaqtincha bo‘lmagan xodimning
ishini bajarishda yoki bo‘sh lavozimdagi ishni bajarishda yo‘l qo‘yiladi.
O’rindoshlik
asosida boshqa tashkilotga ishga kirayotgan shaxslar:
- pasportni yoxud uning o‘rnini bosadigan
hujjatni;
- mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish
joyidan O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi
tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha ma’lumotnomani takdim etishi shart.
O’rindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy
ish joyidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining (xodimlarning boshqa vakillik organining)
yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi.
Bajarilishi uchun faqat qonun hujjatlariga muvofiq muayyan
ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ishga o‘rindoshlik asosida
qabul qilishda asosiy ish joyidagi mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi taqdim
etiladi.
O’rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi
xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini
bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda u o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi
mumkin.
Xodim bilan o‘rindoshlik asosida ishlash
uchun tuziladigan mehnat shartnomasida O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida
belgilangan talablar bilan birgalikda ish
vaqtining davomiyligi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Xodimning yozma arizasiga ko‘ra, o‘rindoshlik
asosidagi ish joyidan berilgan ma’lumotnoma asosida ish beruvchi tomonidan xodimning
asosiy ish joyidagi mehnat daftarchasiga ish davri ko‘rsatilgan holda o‘rindoshlik
asosidagi ish to‘g‘risidagi yozuv kiritiladi.
O’rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga
har yilgi asosiy, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha ta’tillar asosiy
ish joyidagi har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
O’rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi
ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa,
bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir.
O’rindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar
RO’YXATI
1. Ilmiy faoliyatni yoki o‘qituvchilik
faoliyatini amalga oshirish, agar bunday faoliyat asosiy ish joyi bo‘yicha bajariladigan
ish hisoblanmasa.
2. Fan, adabiyot va san’at asarlari yaratish.
3. Xodim tomonidan, asosiy ishdan tashqari,
o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarish,
shu jumladan:
umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda kasb-hunar
kollejlari va akademik litseylar o‘qituvchilari tomonidan kabinetlarga, laboratoriyalarga
mudirlik qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish, to‘garaklarga rahbarlik qilish, shuningdek
ular tomonidan belgilangan yuklamadan ortiq o‘quv-tarbiyaviy ishlarni bajarish;
ishning ushbu turi bo‘yicha ish vaqti normal davom
etishining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda mehnatga soatbay haq to‘lanadigan
pedagogik ish;
ta’lim muassasalari rahbarlarining o‘qituvchi
lavozimi bo‘yicha yillik ish rejasida (ish vaqti normasi bilan) nazarda tutilgan
jami ish vaqtining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda o‘qituvchilik ishi;
tashkilotlar muhandis-texnik xodimlarining talabalar
va o‘quvchilarning ishlab chiqarish ta’limi va amaliyotiga rahbarlik qilish bo‘yicha
ishi;
tibbiyot xodimlarining belgilangan vaqt normasidan ortiqcha
navbatchilik qilishi;
Hukumat qarorlari bilan xodimning ish haqiga ustamalar
belgilangan vazifalarni bajarish.
4. Mualliflik gonorari shaklida haq
to‘lanadigan adabiy ish, shu jumladan alohida asarlarni tahrir, tarjima qilish va
ularga taqriz yozish bo‘yicha ishlar.
5. Mehnatga bir marta haq to‘langan
holda texnik, tibbiy, buxgalteriya, huquqiy va boshqa ekspertiza (maslahat berish).
6. Umumta’lim maktablari va maktabdan tashqari
ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari
ustalari, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari, ta’lim
muassasalari kontsertmeysterlari va akkompaniatorlarining aynan bir ta’lim muassasasidagi
o‘quv yuklamasining belgilangan normasidan ortiqcha ishi.
7. Sog‘liqni saqlash muassasalarida oyiga
24 soatdan ortiq bo‘lmagan hajmda, mehnatga bir marta yoki soatbay haq
to‘langan holda, tibbiyot maslahatchilari vazifalarini bajarish.
8. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida va oliy
ta’lim muassasalarida ushbu ta’lim muassasalari shtatida turmagan
ilmiy xodimlar tomonidan katta ilmiy xodimlarga - izlanuvchilarga rahbarlik qilish.
9. Xodim tomonidan siyosiy partiyalar,
kasaba uyushmalari va jamoat birlashmalari markaziy va hududiy organlarining saylab
qo‘yiladigan lavozimlarida rahbar xodim, Kuzatuvchi kengash yoki Direktorlar
(boshqaruvchilar) kengashi raisi yoki a’zosi, Mahsulot taqsimotiga oid bitim
doirasida qo‘mitani boshqaruvchi, ishonchli boshqaruvchi yoki tashkilotda
davlatning ishonchli vakili sifatida bajariladigan ish.
10.Jamoatchilik asosida bajariladigan ishlar.
Izoh: 2-bandda, 3-bandning ikkinchi va uchinchi
xatboshilarda, shuningdek 4, 5, 7, 9 va 10-bandlarda ko‘rsatilgan ishlarni asosiy
ish bo‘yicha ish vaqtida bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlarning boshqa turlari
ishlarning xususiyatiga ko‘ra ham asosiy ish vaqtida, ham undan tashqari vaqtda
bajariladi.