6 нояб. 2012 г.

Konstitutsiyamizning 20 yilligiga bag’ishlangan bayram tadbiri bu yil ham “O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni bo’ladi

Photo: uzedu.uz

2012-yil 24-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yillik sanasini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi F-3920-sonli Farmoyishi e’lon qilindi.

Mazkur Farmoyishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda zamonaviy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning qonuniy asosi, diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi, xalqimiz farovonligini yanada oshirishning huquqiy kafolati bo‘lib kelayotganligi ta’kidlangan.

Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining yigirma yilligini siyosiy-ijtimoiy va ma’naviy hayotimizda yorqin iz qoldiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘oya ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan tarixiy sana sifatida keng nishonlash maqsadida:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita besh kunlik muddatda tegishli tadbirlar dasturini ishlab chiqishi va uni amalga oshirishga kirishishi belgilab berildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning belgilangan reja asosida faoliyat olib borishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Farmoyishda Toshkent shahar hokimligi O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda 2012-yil 7-dekabr kuni “O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O’zbekiston Respublikasi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yillik sanasiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish hamda mamlakatimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi bayram dasturini yuqori saviyada tashkil etishi belgilab berildi.

Xabaringiz bor, an’anaga ko’ra aynan mana shu bayram dasturida Prezidnetimiz ma’ruza qiladilar va ushbu ma’ruzada keyingi yilning ramziy nomi e’lon qilinadi.

P/S: O’tgan yili ushbu bayram tadbirida ishtirok etish sharafiga muyassar bo’lganman.

O’tgan 9 oy mobaynida xo’jalik sudlariga 6 milliard so’mdan ortiq da’vo arizasi kiritilgan

Oliy Xo'jalik sudi | tyuk.vo.uz

Toshkent shahar adliya boshqarmasining shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish bo’limi tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o’tgan debitorlik qarzlarini undirish yuzasidan belgilangan vazifalar bajarilmoqda. Jumladan, 2012-yilning 9 oyi mobaynida shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o’tgan debitorlik qarzlarini undirish yuzasidan xo’jalik sudlariga jami 154 ta – 6 mlrd. 249 mln. 532 ming 19 so’mlik da’vo arizasi kiritilgan. Shundan 118 ta – 3 mlrd. 910 mln. 496 ming 905 so’mlik da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Xususan, “Comodity trade servige” MCHJ rahbari “Kapital export agro” MCHJ tomonidan shartnoma majburiyatlar bajarilmaganligi oqibatida yuzaga kelgan debitorlik qarzini undirishda amaliy yordam so’rab, Toshkent shahar adliya boshqarmasiga murojaat qilgan. Ushbu murojaat boshqarma xodimlari tomonidan o’rganib chiqilganda, “Comodity trade servige” MCHJ bilan “Kapital export agro” MCHJ o’rtasida jami 2 mlrd. so’mlik mahsulot yetkazib berish yuzasidan vositalik shartnomasi imzolanganligi aniqlandi. Adliya boshqarmasining yordami bilan Toshkent shahar xo’jalik sudiga “Kapital export agro” MCHJ  dan “Comodity trade servige” MCHJ foydasiga asosiy qarzni undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritildi. Natijada, xo’jalik sudining qaroriga asosan da’vogar foydasiga penya ham qo’shib hisoblanib, jami 2 mlrd. 100 mln. so’m undirish belgilandi.

“Inson va qonun”

Magistrlik dissertatsiyasining yangi talablari chiqdi

Photo: znaikak.ru

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirining 2012-yil 29-oktabrdagi №419-sonli buyrug’iga asosan “Magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilishga doir” TALABLAR tasdiqlandi. Mazkur yangi tahrirdagi talablar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PF-4456-sonli Farmoni va ushbu Farmonga o’zgartirish kiritish to’g’risidagi 2012-yil 27-iyuldagi PF-4458-sonli Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Eslatib o’taman, ilgari mazkur qoidalar O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirligining 2011-yil 3-dekabrdagi №487-sonli buyrug’i asosida tasdiqlangan “Magistrlik dissertatsiyasini tayyorlashning namunaviy tartibi” bilan tartibga solinar edi.

Yangi talablarga ko’ra, bir qancha o’zgartirishlar kiritilgan. Shuningdek, tartib-qoidalar batafsil yoritilgan. Ular orasida eng muhimlari haqida to’xtalib o’taman.

Talablar 12 qismdan tashkil topgan bo’lib, ular quyidagilardir:
1.       Umumiy qoidalar
2.       Ilmiy rahbarlik
3.       Magistrlik dissertatsiyasi mavzusini shakllantirish va tasdiqlash (o’zgartirish) tartibi
4.       Dissertatsiya tayyorgarligining oraliq attestatsiyasi. Magistr faoliyatining samaradorligi monitoringi
5.       Magistrlik dissertatsiyasini taqdim etish
6.       Magistrlik dissertatisyasiga taqriz yozish
7.       Magistrlik dissertatsiyasi himoyasi
8.       Magistrlik dissertatsiyasining tarkibi va mazmuniga qo’yilgan talablar
9.       Magistrlik dissertatsiyasini rasmiylashtirish qoidalari
10.   Professional etika
11.   Magistrlik dissertatsiyasini baholash mezonlari
12.   Yakuniy qoidalar

Mazkur qismlarni orasida “Professional etika” qismi yangi qo’shilgan bo’lib, unda magistrlik dissertatsiyasi himoyasida magistratura talabalari tomonidan professional etika qoidalarini buzishlariga yo’l qo’ymasliklariga katta e’tibor qaratilishi kerak deya ta’kidlangan. Bunday qoida buzilishlariga avvalambor plagiat (adabiy o’g’rilik), ma’lumotlarni soxtalashtirish hamda yolg’on sitata keltirish kabilar kiradi.

Dissertatsiya ishiga chetdan ilmiy rahbar tayinlangan holda, kafedra a’zolaridan biri kafedra mudiri tomonidan ilmiy maslahatchi etib tayinlanadi.
Ilmiy maslahatchiga magistrlik dissertatsiyasini ishini belgilangan talablar bo’yicha bajarilishiga ilmiy rahbar bilan bir xil ma’suliyat yuklatiladi.

Eng katta yangiliklardan biri bu magistrlik dissertatsiyasi mavzularini oktabr-noyabr oylarida ilmiy rahbarlar va magistrlar ismi-sharifi hamda dissertatsiya mavzularining qisqacha maqsadi, vazifalari ko’rsatilib oliy ta’lim muassasasi rasmiy saytida e’lon qilinishi belgilab berilganligidir.

Dissertatsiyaning tavsiya etilgan hajmi titul varag’I, mundarija, adabiyotlar ro’yhati va ilovalardan tashqari 80 betdan oshmasligi kerak. Ilgari qoida bo’yicha minimum varoq ham ko’rsatilgandi, ya’ni 60-80 varaq bo’lishi kerak deyilgandi.

Shuningdek, disertatsiyaning kompyuterda terilish tartibiga ham biroz o’zgartirishlar kiritilgan. Unga ko’ra, dissertatsiya matni A4 (270 x 297 mm) formatdagi standart qog’ozning bir tomoniga quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda terilgan bo’lishi kerak:
Shrifti -Times New Roman;
Shrift kattaligi – 14;
Interval – 1,5;
Yuqori va pastki hoshiyalar – 20 mm, chap tomondan – 30 mm, o’ng tomondan – 10 mm (Ilgari 25x30x15 edi).
Bob va bo’limlarning nomlari 16 kattalikda Times New Roman shriftida yoziladi.

Magistrlik dissertatsiyasi tarkibi quyidagilardan iborat bo’lishi va keltirilgan tartibda bo’lishi kerak:
Titul varag’I;
Ikki tilda (o’qitish tili va ingliz tilida) magistrlik dissertatsiyasi annotatsiyasi (har biri ko’pi bilan 150 so’zdan iborat bo’lishi kerak);
Mundarija;
Kirish;
Asosiy qism;
Xulosa;
Adabiyotlar ro’yhati;
Ilovalar (agar mavjud bo’lsa).

Shuningdek, magistrlik dissertatsiyasi himoyasiga kirishdan oldin zarur bo’lgan ilmiy maqolalar soniga ham o’zgartirish kiritilgan. Bundan buyon dastlabki himoyaga kirgunga qadar magistr ichki va tashqi taqrizga hamda dissertatsiya mavzusiga doir kamida 2 ta ilmiy maqola va tezisga ega bo’lishi talab etiladi. Yana bir tomoni maqola oliy ta’lim muassasasi rasmiy saytida (elektron jurnalda) e’lon qilinishi ham mumkin (ana bayram!).

Yana bir o’zgarish dissertatsiya tili bilan bog’liq. Menimcha, endi dissertatsiyalar faqat talaba tahsil olayotgan tilda, ya’ni o’qitish tilda yoziladi. Oldingi qoidalarga ko’ra, dissertatsiya kafedra tavsiyasiga muvofiq xorijiy tillarda ham yozilishi mumkin edi. Yangi qoidalarda bu haqidagi joyini ko’rmadim.

5 нояб. 2012 г.

Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari beriladi


Photo: uzdaily.uz
2012 yil 31 oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish hamda sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartiblari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud tizimi xodimlarining ijtimoiy muhofazasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2012 yil 2 avgustdagi PF-4459-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, unda “Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Sudyalarga uy-joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomlar tasdiqlandi.

“Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida”gi NIZOMda tijorat banklari tomonidan sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka krediti berish tartibi belgilangan.
Ushbu Nizomning amal qilishi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, umumiy yurisdiktsiya sudlari (harbiy sudlardan tashqari) va xo‘jalik sudlari sudyalariga tatbiq etiladi.

Endi Nizomlardagi eng kerakli joylari haqida Sizlarga ma’lumot bersam:

Nizomga ko‘ra, tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori ipoteka krediti olish uchun buyurtmanoma berilgan kunda respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 2000 baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ipoteka krediti sudyalarga kamida 10 yil muddatga beriladi.

Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz stavkasi O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit komissiyasi (kredit qo‘mitasi) tomonidan ipoteka krediti berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kunda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida belgilanadi.

Tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining 75 foizidan oshishi mumkin emas.

Sudya tijorat bankidan ipoteka krediti olish uchun sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak.

Ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar tijorat bankida sudyaning nomiga milliy valyutada ochilgan jamg‘arma hisob raqamida bo‘lishi kerak.

Sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal sudyaning hisob raqamiga Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi  mablag‘lari hisobidan o‘tkazilishi mumkin.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan dastlabki badalni o‘tkazish uchun sudya ish joyida tegishli ravishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi (umumiy yurisdiktsiya sudlari sudyalari) yoki O’zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisi nomiga qarz berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Nizomga ko’ra, agarda sudya barcha zarur hujjatlarni o’z vaqtida taqdim etadigan bo’lsa, kredit berish masalasi 30 kundan oshib ketmasdan hal qilinishi shart.


“Sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi NIZOMga ko‘ra, doimiy yashash joyidan tashqari mintaqada lavozimga tayinlangan (saylangan) hamda uy-joylar bilan ta’minlanmagan sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno), lekin:
Toshkent shahrida - eng kam oylik ish haqining to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida – eng kam oylik ish haqining uch baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
O’zbekiston Respublikasining boshqa shaharlari va tumanlar markazlarida – eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Oila a’zolari uch kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda (sudyaning o‘zini hisoblamagan holda) ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi. Bunda sudyaning tayinlash (saylash) joyiga kelgan oila a’zolari: xotini (eri), ularning bolalari va ota-onalari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq ijaraga oluvchining oila a’zolari deb e’tirof etilgan boshqa shaxslar hisobga olinadi.

Sudyaga tayinlangan (saylangan) joyida xizmat uy-joy maydoni berilgan taqdirda yoki u uy-joy sotib olganda, uning vakolatlari to‘xtatilganda va tugaganda pul kompensatsiyasi to‘lash to‘xtatiladi.

Tayinlangan (saylangan) joyida ota-onalari yoki eri (xotini)ning ota-onalari uy-joylarida birga yashayotgan sudyalarga pul kompensatsiyasi to‘lanmaydi.

Sudyaga bola ikki yoshga to‘lgungacha uni parvarish qilish uchun ta’til berilgan taqdirda, pul kompensatsiyasi ta’tilning butun davriga, biroq sudya ushbu uy-joyda yashashi sharti bilan, sudya etib tayinlangan (saylangan) muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

2 нояб. 2012 г.

FHDYo bilan bog’liq masala yuzasidan to'ldirish

Norma.uz

Kecha Facebook ijtimoiy tarmog’ida Norma.uzda e’lon qilingan FHDYo hujjatlari haqidagi xabar ancha-muncha mulohazaga sababchi bo’lgandi.
Bu haqida blogimda maqola ham yozgandim. Holatni to’liq tushunib olish uchun avvalo o’sha maqolaga bir ko’z yugurtirib chiqishni maslahat berardim.

O’sha maqolada fuqarolik holati dalolatnomalaridagi yozuvlar faqat o’zbek tilida to’ldirilishi belgilangan bo’lsa ham, unga qo’shimcha sifatida nega ruscha savollar qo’shilganligining sababi so’roq ostida qolgan edi. Bu savolga bugun javob topishga va’da bergandim.

Bugun Adliya Vazirligidan ushbu haqida ma’lumot oldim. Ma’lum bo’lishicha, dalolatnomalar haqiqatdan faqat davlat tilida to’ldiriladi. Dalolatnoma shakllaridagi ruscha savol qo’shilishining sababi esa, O’zbekiston MDH davlatlari orasida o’zaro huquqiy yordam ko’rsatish bo’yicha Minsk konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va ushbu konvensiyaga ko’ra yurtimizga MDH davlatlaridan FHDYo hujjatlari bilan bog’liq ko’plab talabnomalar kelib tushadi. O’sha talabnomalarni yuborgan davlatlarga javoban aynan biz suhbat yuritayotgan fuqarolik holati dalolatnomalaridan nusxa yuboriladi. Yuborilgan dalolatnomalardagi savollar MDH davlatlarida tushunarli bo’lishi, keyinchalik boshqa tushunmovchiliklarni, tarjima vaqtida yo’l qo’yiladigan xatolarni oldini olish maqsadida savollar ostiga kichkina shriftda rus tilidagi versiyasi ham qo’shilgan.
Masalan, Tug’ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi jo’natilganda unga «Запись акта о рождении» deya izoh ham yozilgan. Misol uchun undagi «Onaning nechanchi bolasi» savoli ostiga «Который по счету ребенок матери» deyilgan. Ko’rib turganingizdek, dalolatnomadagi deyarli har qanday javobni keyinchalik tarjima qilishga ehtiyoj qolmaydi. Bu esa ham qulaylik tug’diradi, ham tarjima vaqtidagi xatolar tufayli yuzaga keladigan tushunmovchiliklarni oldini oladi.

Bor-yo’g’i shu xolos. Ruscha to’ldirish mumkin degan qoida gap-so’z yo’q hech qanaqa!
Ammo Norma.uz sayti ma’lumotlarni oxirigacha tekshirib ko’rmasdan o’z o’quvchilariga noto’g’ri ma’lumot tarqatgan. Ushbu xabar asosida keyinchalik Podrobno.uz, Olam.uz va Rossiyadagi Lenta.ru axborot agentligi ham asossiz ma’lumotni e’lon qilib yubordi.
Aslida bu ma’lumotni tekshirish ham shart emasdi. Shundoqqina buyurqdagi qoidalarni qunt bilan, shoshmasdan o’qib chiqishni o’zi kifoya edi. Sababi kecha aytganimdek, qoidalarda dalolatnomalar davlat tilida to’ldiriladi deya aniq-tiniq ko’rsatib qo’yilgan – ko’rga hassaday qilib! Afsus, shunchaki rasmga qarab, matnni o’qimasdan yozilgan xabar minglab insonlarni chalg’itdi.
Norma.uz saytidan bu borada rasmiy izoh kutib qolamiz.

P/S: Balki men yanglishgandirman… Chunki men Norma.uz xodimi kabi EKSPERT-YURIST darajasida emasman xozircha.

1 нояб. 2012 г.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari ruschada to’ldirilishi mumkinmi?

Norma.uz

Internet yaxshi narsada. Unda kezib yurib, ko’p qiziqarli ma’lumotlarga duch keladi odam.

Mana xozirgina Facebookda Muhrim A’zamxo’jayevning bir qiziqarli statusini o’qib qoldim. Uning men uchun qiziqarlilik tomoni shunda ediki, status mazmuni huquqshunoslikka doir, buning ustiga unda mening blogimga ham havola berilgandi. O’sha statusdan parcha:

“Adliya vazirligining yaqinda chiqargan buyrug'ini Xushnudbek Xudayberdiyev kirill alifbosiga qaytmasligimizga bir jiddiy sabab o'laroq keltirgandi: http://xushnudbek.blogspot.com/2012/10/fhdyo-hujjatlari-o-yoxud-kirill.html

Rusiyzabon internet va matbuot esa asosiy urg'uni yangi hujjat namunalari o'zbek tilidan tashqari rus tilida ham to'ldirilishi mumkinligiga qaratmoqda: http://lenta.ru/news/2012/11/01/language/ Rosti, bungacha bunday hujjatlar faqat o'zbek tilida to'ldirilganidan bexabar edim.”

Xullas, vaziyat quyidagicha:
Yaqinda Adliya Vazirining "Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining shakllari va ularni to'ldirish bo'yicha qoidalarni tasdiqlash haqida"gi buyrug'i chiqqandi. Bu haqida 29 oktabr kuni blogimda xabar ham qoldirgandim. O’sha buyruqni yaxshilab o’qib chiqqandim va hech qanaqa rus tilida yozilishi mumkin degan joyiga duch kelmaganman. Agar ko’rganimda albatta bu to'g'risida ham yozgan bo’lardim.

Shu sababli Muhrimning statusini ko’rib, hayron qoldim. Darrov, havola bo’yicha Lenta.ru saytiga kirdim. Chunki bu gapni qayerdan olishganligiga juda qiziqqandim. O’sha saytdagi xabarda, Podrobno.uz sayti ma’lumoti asosida olingani yozilgan ekan. Mana o’sha xabar manzili: http://www.podrobno.uz/cat/obchestvo/v-uzbekistane-zagsi-budut-oformlyat-dokumenti-na-uzbekskom-yazike/

Keyin Podrobno.uz ga kirdim. Mualliflik huquqi degan narsa yaxshida, ayniqsa internetda. Agar noto’g’ri xabar bo’lsa, darrov egasini sotadi, qo’yadi. Podrobno.uz ham asl xabar egasini shundoq ko’rsatib qo’yibdi. Ehtiyot bo’ling, saytlar ochiladi, keyingi bekat – Norma.uz!

Norma.uz ga kirdim va o’sha xabarni topdim:

Xabarda quyidagi matnga ko’zim tushdi:

В отличие от предыдущих в новых формах записей актов о рождении, о заключении брака, о расторжении брака, о смерти графы для заполнения будут оформлены на двух языках – узбекском (латинская графика) и русском. Ранее они составлялись только на государственном – узбекском языке (кириллица).

Mana o’sha hammani chalg’itgan xabar: - Otaxon, biz o’glingizni topdik! :) ©

Xabar ostiga muallif ham yozilgan: Сардор ДЖУМАШОВ, наш эксперт-юрист.

Ushbu xabar, allaqachon boshqa saytlarga ham qo’yilgan. Masalan, Olam.uz ga (http://news.olam.uz/society/12824.html).


Endi sizlarga tushunarli bo’lishi uchun, aslida holat qanaqa ekanligi haqida ma’lumot bersam. Xo'sh, aslida ham fuqarolik holati dalolatnomalarini ruschada to'ldirish mumkinmi?

2012-yil 23-oktabr kuni chiqarilgan Adliya Vazirining "Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining shakllari va ularni to'ldirish bo'yicha qoidalarni tasdiqlash haqida"gi buyrug'ining 5-ilovasida “Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari shakllarini to’ldirish qoidalari” ko’rsatib o’tilgan. Ushbu qoidalarning 2-bandiga e’tibor bering:

2. Dalolatnoma yozuvlari davlat tilida tushunarli va chiroyli dastxat bilan yoki kompyuter vositasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga muvofiq to‘ldiriladi.

Ushbu qoidalarda aniq-tiniq yozib qo’yilgan - shakllar DAVLAT TILIDA to’ldiriladi deb. O’zbekistonda davlat tili – o’zbek tili. Rus tilida ham to’ldirish mumkin degan qoida bironta joyda ko’rsatilmagan.

Qiziq, o’sha EKSPERT-yurist Sardor Jumashov rus tilida ham to’ldirish mumkin degan qoidani qayerdan oldi ekan-a?

Bu haqida quyidagi shaxsiy tahminim bor.
Menimcha, bunday qarorga kelishga sabab, ilgarigi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining shakllaridagi savollar faqat kirill alifbosiga asoslan o’zbek tilida yozilgan edi.



Vazir buyrug’i asosida tasdiqlangan yangi shakllarda esa savollar lotin alifbosiga asoslangan o’zbek tilida hamda uning pastida kichikroq shriftdagi rus tilida ham yozuvlar yozilgan.


Balki mana shu narsa rus tilida ham to’ldirish mumkin degan farazni paydo bo’lishiga olib kelgandir? Ammo qoida bor, hammasi qoidalarda aniq-tiniq qilib yozib qo’yilgan – dalolatnomalar davlat tilida to'ldirilishi kerak deb!

Xattoki, xuddi mana shu buyruqning ruscha variantida ham, ilovalar o'zbek tilida beriladi deb yozilgan:

1. Утвердить:Форму записи акта о рождении согласно приложению 1*;
* Приложение № 1 приводится на узбекском языке.
Форму записи акта о заключении брака согласно приложению 2*;
* Приложение № 2 приводится на узбекском языке.
Форму записи акта о расторжении брака согласно приложению 3*;
* Приложение № 3 приводится на узбекском языке.
Форму записи акта о смерти согласно приложению 4*;
* Приложение №4 приводится на узбекском языке.
Правила заполнения форм записей актов гражданского состояния согласно приложению 5*.
* Приложение № 5 приводится на узбекском языке.



Sizda, ya’ni ushbu maqolani o’qiyotgan aziz mushtariyda, savol tug’ilishi mumkin: Xo’p, shakllardagi yozuvlar faqat  o’zbek tilida to’ldirilar ekan, unda unga qo’shimcha sifatida ruscha yozuvni qo’shishning nima keragi bor edi deb.

Yaxshi savol! O’rinli savol! Meni ham shu narsa qiziqtirmoqda. Mazkur tushunmovchilikni keltirib chiqargan xabarni ko’rganimga ko’p bo’lmadi, soat 18.30 lar atrofida ko’rdim. Shu zahotiyoq bunga aniqlik kiritishga harakat qildim. Ammo vaqt biroz kechligi, hamda ish vaqti tugaganligi sababli bironta rasmiy ma’lumot (norasmiylarini olib bo’ldim telefon orqali) ololmadim. Shu sababli ertagacha kutib turasiz endi, hurmatli mushtariy.

Boshqacha qilib aytganda, ertaga tong otsin, hammasini ko’rasiz :)


P/S: Tanganing ikkinchi tomoni.
Lekin, hurmatli mushtariy, biz yana bir jihatga e’tibor qaratishimiz kerak.

Ko’plab huquqiy hujjatlarda til bilan bog’liq holatlar haqida so’z ketganda, istisno holatlar ham kiritiladi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 115-moddasida “O’zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi” deya ta’kidlangan.
Yoxud O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-Protsessual Kodeksining 20-moddasida (“Jinoyat ishlari yuritiladigan til”):
“Jinoyat ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi” deya ko’rsatilgan.

Mazkur qoidalarni inobatga olgan holda, balki fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining shakllarini zarurat tug’ilganda rus tilida ham to’ldirish mumkindir. Lekin bu haqida Vazir buyrug’i asosida tasdiqlangan qoidalarda hech narsa deyilmagan. U joyda faqat davlat tili ko’rsatilgan xolos. Balki, yuqoridagi qoidalarni ham kiritish kerakmikin bu yerga, yana bilmadim...


P/S-2: Uzr, yana bir gap:
Internetda mana shu buyruq bilan bog'liq xabarlar ostiga qoldirilgan mulohazalardan shuni bildimki, ko'pchilik dalolatnoma va guvohnomalarni adashtirib qo'ymoqda. Ya'ni, ba'zilar gap tug'ilganlik haqida, nikoh haqida, o'lim haqida fuqaroni qo'liga beriladigan Guvohnomalarga o'zgartirish kiritilibdi deya o'ylashmoqda. Yo'q, bu xato fikr.
Bu yerda gap Dalolatnomalar haqida bormoqda. Ushbu dalolatnomalar fuqarolar qo'liga berilmaydi, FHDYo organlarida rasmiylashtirilib, o'sha joyni o'zida qoladi. Guvohnoma berishga asos aynan mana shu dalolatnomalar hisoblanadi. Ular FHDYo organlarining statistikalarni umumlashtirishda, ma'lumotlarni arxivda saqlanishida xizmat qiladi.
Siz va biz bilgan Guvohnomalarda esa yozuvlar hatto ingliz tilida ham to'ldiriladi. Shu ikkisini bir-biri bilan adashtirmasligimiz kerak.

29 окт. 2012 г.

FHDYo hujjatlari o'zgardi yoxud kirill yozuviga qaytmaslik haqida

Yaqinda O'zA saytining kirill yozuviga asoslangan versiyasi ham ishga tushgandan keyin, ko'pchilik "Nahotki kirill yozuviga yana qaytsak?!" degan savolni o'rtaga tashlagan va bu internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda (asosan Facebook, Twitter) ancha muhokama bo'lgandi.
Men o'shandayoq o'z pozitsiyamni aytgandim - ya'ni lotin yozuviga bosqichma-bosqich o'tamiz, kirill yozuviga qaytish ehtimoli 1% dan kamroq. Bunga asos qilib yaqinda davlat ramzlariga o'zgartirish kiritish haqidagi qonun qabul qilinganligi va unga ko'ra gerbimizdagi "ЎЗБЕКИСТОН" yozuvi "O'ZBEKISTON"ga o'zgartirilganini aytgandim.

Kirill yozuviga qaytish haqidagi tahminlar asossiz ekanligi kuni-kecha yana bir bor o'z isbotini topdi. 2012-yil 23-oktabr kuni Adliya Vazirining "Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining shakllari va ularni to'ldirish bo'yicha qoidalarni tasdiqlash haqida"gi buyrug'i chiqdi. Unga ko'ra FHDYo organidagi barcha hujjat shakllari lotin yozuvida bo'lishi belgilab berildi.

Shuningdek, buyruqda hududlardagi barcha Adliya boshqarmalariga FHDYo organlari xodimlariga joriy yilning noyabr-dekabr oylari davomida lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini mukammal o'rgatish bo'yicha chora-tadbirlarni ko'rish vazifasi yuklatildi.

Kirill yozuviga asoslangan amaldagi barcha hujjat shakllari (shablonlar) 2013-yilning 1-yanvaridan o'z kuchini yo'qotgan deb topiladi, ya'ni 2013-yil 1-yanvardan boshlab barcha turdagi fuqarolik holati dalolatnomalari (tug'ilganlik haqida, nikoh tuzilganlik haqida, nikohdan ajralganlik haqida, o'lim haqida) lotin yozuvida to'ldiriladi.

23 окт. 2012 г.

TATUga yangi talabalar turar joyi binosi berildi

TATU binosi | talaba.zn.uz

2012-yil 16-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror davlat aktivlarini boshqarishni yanada maqbullashtirish, aloqa va axborotlashtirish sohasi tashkilotlariga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi.

Qarorning eng diqqatga sazovor joylari haqida to’xtalib o’tsam:


O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi va «O’zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining ma’lum bir binolari tegishli tartibda boshqa muassasa va tashkilotlarga o’tkazib berildi.

Xususan,

·           baholash tashkiloti tomonidan aniqlanadigan qiymat bo‘yicha davlat ulushini ko‘paytirish hisobiga quyidagi ro‘yxat bo‘yicha mol-mulkni «O’zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga berildi:

T/r
Bino va inshootlar manzili
Umumiy maydoni
(kv. m)
Balansda saqlovchi (Berayotgan tomon)
Izoh
1.        
Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 28 «A»
4 827
O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi
Ma’muriy bino, shuningdek O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan aniqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha tovar-moddiy boyliklar beriladi.
2.       
Chirchiq shahri, P. Yusupov ko‘chasi, «3A»
1 083,51
Chirchiq shahri hokimligi

3.       
Chirchiq shahri, 9-mikrorayon, 50-yillik shoh ko‘chasi
3 404,09
Chirchiq shahri hokimligi


·           Toshkent shahar, Shayxontohur ko‘chasi, 2-uyda joylashgan umumiy maydoni 2 677 kv. m bo‘lgan, «O’zbektelekom» aktsiyadorlik kompaniyasining mulkida bo‘lgan binoni davlat mulki sifatida, tasarruf etish huquqisiz Davlat aloqa inspeksiyasiga bepul berildi;

·           Toshkent shahar, Amir Temur ko‘chasi, 119-uyda («A» korpus) joylashgan, umumiy maydoni 6 495 kv.m bo‘lgan binoni Davlat aloqa inspeksiyasi balansidan tasarruf etish huquqisiz Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga bepul berildi;

·           Toshkent shahar, Amir Temur ko‘chasi, 119-uyda («B» korpus) joylashgan, umumiy maydoni 573 kv.m bo‘lgan binoni Davlat aloqa inspeksiyasi balansidan tasarruf etish huquqisiz Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasiga bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga ushbu qaror 1-bandining to‘rtinchi xatboshida ko‘rsatilgan binoni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining talabalar turar joyi sifatida moddiy-texnik ta’minlashni, uni xayriya mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga mukammal ta’mirlash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, qarorda quyidagilar belgilandi:

O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining markaziy apparati va Radiochastotalar bo‘yicha davlat komissiyasi Toshkent shahar, Amir Temur shohko‘chasidagi 4-uyda;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasidagi 28a-uyda joylashadi.