11 окт. 2012 г.

Stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilarni attestatsiya asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilarni attestatsiya asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida qaror loyihasini ishlab chiqdi.

Ushbu qaror loyihasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4456-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini bekor qilish, unda tahsil olayotgan tadqiqotchilarni oliy ta’lim muassasasidan keyingi bosqich talablariga muvofiq attestatsiyadan o‘tkazish va dissertatsiya tadqiqotlari mavzularini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazishni tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qarorda e’tiborga molik jihatlar haqida to’xtalsam:

Stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilarni attestatsiya asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish TARTIBI quyidagicha belgilangan:

OTM va ITI institutlarida tahsil olayotgan stajyor‑tadqiqotchi‑izlanuvchilarni belgilangan tartib asosida attestatsiyadan o‘tkazish uchun  tegishli vazirlik va idoralar qoshida tegishli ixtisoslik sohasi bo‘yicha ko‘p yillik tajriba va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, mazkur sohaning yetuk olim-mutaxassislaridan iborat tegishli fan yo‘nalishlari va ixtisosliklar bo‘yicha Ekspert kengashlari tuziladi.
Attestatsiyadan 1- va 2-bosqichlarda tahsil olgan stajyor‑tadqiqotchi‑ izlanuvchilar o‘tkaziladi;
Stajyor‑tadqiqotchi‑izlanuvchilar attestatsiyasi 3 bosqichda o‘tkaziladi:
         birinchi bosqichda rektor (direktor) buyrug‘i asosida tashkil etilgan ishchi guruh Tartibda belgilangan baholash mezonlari asosida stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar tahsil olayotgan muassasalarda o‘tkazilib, tayyorlangan hujjatlar jildi ilmiy kengash qarori va muassasa rahbarining imzosi bilan kuzatuv xati asosida tegishli vazirliklar qoshida tashkil etilgan Ekspert kengashlariga taqdim etiladi (taqdim etilgan hujjatlardagi natija, ko‘rsatkich va manbalarning haqqoniyligiga muassasaning birinchi rahbari (rektor, direktor) shaxsan javobgardir);

         ikkinchi bosqichda tegishli vazirliklar qoshida tashkil etilgan ekspert guruhlari taqdim etilgan hujjatlar Ekspert kengashlarida mazkur Tartibda belgilangan baholash mezonlari asosida o‘rganilib, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar bilan bevosita suhbat orqali ularning shaxsiy ish rejalarining bajarilish holati, erishgan natijalari va yutuqlari aniqlanadi (muassasalar tomonidan faoliyatiga ijobiy baho berilmagan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar suhbatga taklif qilinmaydilar);

         uchinchi bosqichda tadqiqot faoliyatlari ijobiy baholangan stajyor‑tadqiqotchi‑izlanuvchilarning dissertatsiya tadqiqotlari mavzulari ekspert guruhi tomonidan tanqidiy ko‘rib chiqilib, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik va ilmiy rahbar (maslahatchi) to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Attestatsiyadan o‘tkazish Ekspert Kengash tarkibi Kengash raisi, rais o‘rinbosari, mas’ul kotib va Kengash a’zolaridan iborat holda shakllantiriladi.
Attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Ekspert Kengash qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Kengash a’zolarining 2/3 qismi ovoz bergan holda qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Tegishli vazirlik va idoralar tasarrufidagi muassasalardan Ekspert Kengashlariga stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar faoliyatiga oid tegishli Attestatsiya hujjatlari joriy yilning 15 oktyabrigacha topshiriladi.
Attestatsiyadan o‘tkazish Ekspert Kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
-          kafedra yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma;
-          ilmiy rahbar xulosasi;
-          stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchining hisoboti (1-ilovaga muvofiq);
-          ilmiy ishlari ro‘yxati va nusxalari;
-          nomzodlik imtihonlarini topshirganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;
-          dissertatsiyasi (tayyor bo‘lgan boblari).

Ekspert Kengashi xulosasi (2-ilova) va bayonnomalar  tegishli vazirlik va idoralarga 2012 yil 15 dekabrgacha taqdim etiladi va bayonnomalardan ko‘chirma tegishli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga yetkaziladi.
Attestatsiya asosida katta ilmiy xodim‑izlanuvchilar institutiga o‘tkazilgan tadqiqotchilarning ilmiy rahbarlari (maslahatchilari) mos holda fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishi shart.
Agar fan sohasi yoki tegishli ixtisoslik bo‘yicha fan doktorlari bo‘lmasa, ilmiy rahbar (maslahatchi) hamkor ITI yoki OTMdan jalb etilishlari mumkin.

Ekspertiza mezonlari
Baholash darajasi,
ball
1
Mavzuning  tasdiqanganligi va respublikadagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarga mosligi
0-10
Mavzu kafedra (bo‘lim, sektor) majlisida, OTM yoki ITI Ilmiy kengashida tasdiqlanganligi
0-6
Mavzuning  mazkur fan sohasi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashda  yoki OAK ning “Byulleten” jurnalida tasdiqlanganligi
0-4
2
Dissertatsiyanng tayyorlanishi
0-20
Adabiyotlar karototekasi, dissertatsiyaning kirish qismi hamda uning birinchi bobining tayyorligi
0-12
Dissertatsiyaning ikkinchi bobi hamda eksperiment, tajriba-sinov ishlari, texnik jixozlash jarayonining mavjudligi
0-8
3
Ilmiy maqolani chop etganligi (jurnalda)
0-10
-          xorijiy davlatlarda
3
-          MDH davlatlarida
2
-          Respublikada
2
- patent, dastur mahsuloti uchun qayd etilgan guvohnoma, foydali modelga patent, patentga talabnomasi mavjud
3
4
Tezisni chop etganligi (konferentsiya to‘plamlarida)
0-10
 -   xalqaro va MDH miqyosida
5
 -  Respublika miqyosida
3
 -   Vazirlik va OTM (ITI) miqyosida
2
5
Xalqaro va Respublika ilmiy tadqiqot ishlari tanlovidagi ishtiroki
0-10
Ilmiy tadqiqot ishlarini Xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtiroki (dissertatsiya mavzusiga mos bo‘lganda)
6
Ilmiy tadqiqot ishlarini Respublika miqyosida o‘tkaziladigan  tanlovlarda ishtiroki (dissertatsiya mavzusiga mos bo‘lganda)
4
6
Dissertatsiya natijalarining tatbiq etilganligi (darslik, o‘quv qo‘llanma, metodik tavsiyanoma....)
0-10
7
Stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchining kreativligi, shaxsiy faolligi
0-12
Kafedra (bo‘lim, sektor), OTM yoki ITI dagi tashkil etilayotgan tadbirlar (majlis, ilmiy seminar, dars mashg‘ulotlari, volontyorlik…)dagi  faolligi
0 – 8
Kafedra (bo‘lim, sektor), OTM yeki ITI, respublika va xalqaro miqyosdagi tadbirlar (konferentsiya, ko‘rgazmalar… ) ni tashkil etishdagi tashabbuskorligi va faolligi
0 - 4
8
Ilmiy rahbarning xulosasi
0 - 4
9
Shaxsiy ish rejasining bajarilish holati yuzasidan kafedra xulosasi
0 - 6
10
Rejadan tashqari qo‘lga kiritilgan yutuqlari (Dissertatsiya natijalari bilan xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rgazmalardagi ishtiroki, nomzodlik imtihonlarining topshirilganligi,  STI ning pedagogik, texnologik faoliyati....)
0 - 8
10 ta mezon bo‘yicha jami ballar
max 100

Eslatma:
  • Ushbu tartib bo‘yicha 86-100 ball to‘plagan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar “Attestatsiyadan o‘tdi ” deb hisoblanadi.
  • Ushbu tartib bo‘yicha 55-85 ball to‘plagan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar Ekspert Kengashi tomonidan suhbatga chaqiriladi va suhbat natijasiga ko‘ra “Attestatsiyadan  o‘tdi ”  yoki “Attestatsiyadan o‘tmadi”deb hisoblanadi.
  • Ushbu tartib bo‘yicha 0-54 ball to‘plagan STI lar “Attestatsiyadan o‘tmadi” degan qat’iy qaror chiqriladi.

10 окт. 2012 г.

Telefon xotirasidagi bitiklar

P/S: Eng avvalo aytmoqchi edimki, quyida yozganlarim bilan biron narsaga da’vogarlik qilmoqchi, kimlargadir (asosan O’tkir Hoshimovga) taqlid etmoqchi emasman. Bular shunchaki hayotiy kuzatishlarimning pala-partish qog’ozga, iye, yo’g’ey, telefondagi qaydnomaga (zametka) tushirilgan variant xolos.
Yana bir narsa alohida ta’kidlaymanki, yozgan fikrlarim mening qandaydir ijobiy xislatlarim borligini ko’rsatmaydi, ya’ni yozganlarimni hammasiga o’zim ham rioya qilaman degani emas. Harakat qilaman xolos…

***
 Девяноста

Bir kun ertalab metroga tushayotgandim. Bir ayol ikkita farzandi bilan tushayotgan ekan. Bitta farzandini yoshi kichikroq, ikkinchisiniki esa kattaligi ko’rinib turibdi, xar holda 7 yoshdan kattaligi aniq. Ammo ayol faqat o’zi uchun jeton olib, farzandlarini maxsus imtiyozga ega insonlar o’tadigan joydan o’tkaza boshladi. Metro xodimasi katta yoshli boladan “xitlandi” va bolani to’xtatib, “Сколько тебе лет?” deb ruschada so’radi. Bola ruschani bilmaskan, onasi “yordam”ga keldi:
— Voy, hali 7 yoshga ham to’lgani yo’q-ku.
Какого года рождения, - deb qayta so’radi metro xodimasi.
Shunda ayol beixtiyor:
Девяноста…, - deb boshladi-yu, birdan to’xtab qoldi. O’zi ham kulib yubordi… :)

***

Soxtalik

Ba’zan soxta kulaman – ko’nglimga yoqmagan insonlar uchun.
Ba’zan soxta jahl qilaman – ko’nglimga yaqin insonlar uchun…

***

Baxtiyor oila


Bu rasmni tasodifan oldim. Mustaqillik maydoni yaqinidagi Yoshlar ijodiyoti saroyi oldida.
Ota va uning ikki qizi rolikda ketishmoqda. Katta qizi rolikdaligi yetmagandek, kichkina ukasining bolalar aravachasini ham surib ketyapdi. Qanday baxtli oila! Odamni xavasi keladi. Bunaqa suratlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda asosan bir xildagi izoh qoldiriladi:
«Больше, чем просто фото»

***

Cheksizlik

Odnoklassniki saytida menga xat yozdi:
— Salom.
— Assalomu alaykum.
— Qalaysiz?
— Rahmat, Xudoga shukur.
Bo’ldi, tugadi. 3 kundan keyin:
— Salom.
— Assalomu alaykum.
— Qalaysiz?
— Rahmat, Xudoga shukur.
Bo’ldi, tugadi. Har 3-4 kunda shu ahvol. U ham boshqa narsa so’ramadi, men ham yangi gap ayta qolmadim:

***

Ishonchsiz reklama

Ba’zi mahsulot reklamalariga tushunmayman: “Kafolat - 10 (20, 30, 40, 100) yil!” deyishadi. Vaholanki, hali o’sha kompaniya paydo bo’lganiga ham 10 yil bo’lgani yo’q aslida. Hali yer yuzida bironta inson o’sha mahsulot 10 yilga bardosh beradimi, yo’qmi tekshirib ko’rolgani ham yo’q.
Juda ishonchsiz reklama…

***

Qizlarni ibosi - ko’zida, hayosi - so’zida. Ibo va hayoni bir-biridan farqi yo’q deyarli. Demak, qizlar ko’zini ham, so’zini ham bir xilda tutishi kerak: pinhon!

***

Vijdon

Jamoat transportlarining o’rindiqlariga o’tirib olgan ko’pchilik yoshlar nega ko’zlarini yumib olishar ekan-a, deb o’ylab ko’rdim. Menimcha, shundoq tepasida tik turgan katta yoshli insonlarni ko’rishga ularning VIJDONlari yo’l qo’ymasa kerak!

***

Oddiy muxlis

— Sen  …san!, – dedi “Barselona” muxlisi Real muxlisiga.
— O’zing …san!, – dedi “Real” muxlisi “Barsa” muxlisiga.
— Tovba, ikkalang ham … ekansan, – dedi oddiy muxlis.
Futbol uchun, tag’in begona, uzoq bir yurtdagi jamoalar uchun o’zgalarni haqorat qilishni to’xtatsak yaxshi bo’lardi. Buni iloji bormikin-a..?!
Hala Madrid!!! :)

***

Ish boshi salom

Bir kuni taksiga chiqdim. Keksa bir otaxon ekanlar. Yo’l-yo’lakay suhbatlashib keldik. Yarim yo’lda bir bola qo’l ko’tardi. Otaxon to’xtadi.
— Sergeli yarmarkaga. Assalomu alaykum.
Otaxon Sergeli so’zini eshitishi bilanoq “Yo’q, bolam, biz boshqa joyga” deb mashinani yurg’izishni boshlagandi, shu sababli bolaning “Assalomu alaykum” deganiga javob qaytarolmay qoldilar, aniqrog’i kechroq javob qaytardilar, ungacha biz biroz oldinga yurib ketgandik, otaxonning alik olgani bolaga eshitilmagani aniq.
Dastlab jim ketdilar. Lekin biroz fursat o’tgandan so’ng “Eh, birinchi salom berib, keyin joyni aytmaysanmi, salominga alik ololmay qoldim” dedilar. Yuzlaridan qattiq afsusda ekanliklari ko’rinib turgandi. Orqani ko’rsatuvchi oynaga bir necha bor qarab qo’ydilar. Bizdan so’ng, bola keyingi mashinaga o’tirgandi, yo’qsa, otaxon orqaga qaytib, alik olib kelganida ham hayron qolmasdim.
— Bolam, hech qachon unutma, salom bu juda yaxshi so’z! Har bir ishni salomdan boshlash kerak. Senga maslahatim, salom-aligingni hech qachon kanda qilmagin. O’zing uchun foyda”, - dedilar.
Assalomu alaykum!

***

Sivilizatsiya

Ilgari insonlarga jamiyatdagi statusiga qarab baho berishardi, xozir ijtimoiy tarmoqlardagi (odnoklasniki, facebook) statusiga…

***

Tasodif

Yana metroda. Vagonning orqaroq tomonida o’tirib, ishga ketyapman. Vagonda asosan yoshlar. Navbatdagi bekatlardan birida vagonning boshrog’idan o’rta yoshlardagi bir ayol chiqdi. Shu payt birvarakayiga 6 nafar yosh yigit va qizlar o’rnidan sapchib turib, ayolga joy berishdi. Ular bir vaqtda o’rinlaridan shunaqangi bir xil turishdiki, chetdan kuzatib turib, beixtiyor “Ajabo” deb yubordim. Bu tarbiyali yoshlarning tasodifiy katta “uchrashuvi” edi. Xozirgi yoshlar haqida tanqidiy fikrlarni aytguvchilarga qarshi yaxshigina javob edi. 1-2 yoki ana boring 3-4 ta yoshlarning ahloqiga qarab, umumiy baho bermaslik kerak, menimcha.
Mana shu o’y-fikrlar haqida hayol surib qolibman, qarasam shundoq tepamda bir onaxon tik turib ketayotgan ekan…

Kontraktda o’qiyotgan talabalar uchun kontrakt to’lash muddati uzaytirildi


O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 5-oktabrdagi 07/1-312-sonli ko’rsatmasiga asosan  2012/2013 o'quv yilida oliy ta'lim muassasalarida to'lov kontrakt asosida ta’lim olayotgan ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun kontrakt miqdorining birinchi yarmini to’lash muddati joriy yilning 31-oktabriga qadar uzaytirildi.

Bunday qaror qabul qilinishida tashkilotlar, ota-onalar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining murojaatlari e’tiborga olingan.

Eslatib o'taman, oliy ta'lim muassalarida to'lov kontrakt pullarining kamida birinchi yarmini to'lash sanasi 1-kurslar uchun 15-sentabr (ushbu o’quv yilida 1 oktabrgacha uzaytirildi), 2-4 kurslar uchun esa 1-oktabr qilib belgilangan edi.

Harbiy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida qanday imtiyozlar beriladi?

Harbiy talabalar | talaba.zn.uz

Avval xabar berib o’tganimdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 sentyabrdagi 277-son qarori bilan «Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlangandi.

Ushbu Nizomdagi qoidalarning alohida e’tiborga molik jihatlari quyidagilar:

-       Abiturientlar test sinovlaridan oldin oliy harbiy ta’lim muassasasida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan yakuniy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

-       Maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi yakuniy xulosa hisoblanadi va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqsiz deb topilganlar tanlovning navbatdagi bosqichiga qo‘yilmaydi.

-       Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlari 10-iyul kuni o‘tkaziladi.

-       Tinglovchi va kursantlarni o’qishga qabul qilish to’g’risidagi buyruq 15-iyul kuni chiqariladi.

-       Tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilangan tanlovdan (yakuniy tibbiy tekshiruv, ruhiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov va hokazolar) o‘tgan quyidagi abituriyentlar Davlat komissiyasining qarori bilan o‘qishga TEST SINOVLARISIZ qabul qilinadi:
1.    Xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari - tegishli oliy harbiy ta’lim muassasalariga mutaxassislik yo‘nalishining asosiy faniga muvofiqligi bo‘yicha;
2.   O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlar statusi haqida» 2004 yil 12 apreldagi 170-son qaroriga muvofiq «Ilg‘or serjant» nominatsiyasi bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari;
3.   Yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari - tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyanomasiga asosan.

-       Quyidagi abituriyentlarga qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozlar beriladi:
1.    O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida;
2.   Serjant lavozimida kamida 5 (besh) yil davomida xizmat qilgan hamda harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan serjantlarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida;
3.   Respublika harbiy akademik litseylari bitiruvchilariga test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 10 foizi miqdorida.


O’qishga qabul qilish tuzilmasi 5 bosqichda amalga oshiriladi:

I bosqich:
Qabul komissiyalarini tashkil etish

II bosqich:
Hujjatlarni qabul qilish:

1.   Mudofaa vazirligi        -          Shartnoma asosidagi va muddatli harbiy xizmatchilar qabul yilining 1-iyunigacha, fuqarolar 1-mayigacha;
2.  Ichki ishlar vazirligi   -          Qabul yilining 15-yanvaridan 1-iyunigacha;
3.  Davlat bojxona qo’mitasi     -          Qabul yilining 1-mayigacha;
4.  Milliy xavfsizlik xizmati       -          Qabul yilidan avvalgi yilning 1-dekabrigacha.

III bosqich:
Davlat test markaziga imtiyozga ega bo’lganlar to’g’risidagi ma’lumotni taqdim etish:
30-iyun

IV bosqich:
Test sinovlarini o’tkazish
10-iyul;
Ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa chet tillari uchun yagona ko’p balli baholash imtihoni
4-iyulgacha.

V bosqich:
Tinglovchi va kursantlarni o’qishga qabul qilish to’g’risidagi buyruq:
15-iyul